Samarqandda sud raisi yuk mashinasi bilan YTHga uchradi
Sudya voqea joyida vafot etdi, prokuratura tergov boshladi.

17-iyun kuni Samarqand viloyatida fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi raisi Timur Rustamov yuk mashinasi bilan sodir bo‘lgan YTHda vafot etdi, deb xabar bermoqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati.
Hodisa soat 20:30 da Urgut tumani “Bog‘ishamol” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-47 avtomobil yo‘lining 61-kilometrida sodir bo‘lgan. “KamAZ-53212” yuk mashinasi Nexia-3 bilan to‘qnashgan. Olingan tan jarohatlari oqibatida Nexia-3 rusumli avtomashinada bo‘lgan fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi, 1986 yilda tug‘ilgan Timur Rustamov voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Urgut tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan mudhish YTHda ikki nafar yoshlar yetakchisi halok bo‘lgandi. Yoshlar bilan ishlash agentligi direktori Alisher Sa’dullaev halok bo‘lganlarning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatishga va’da bergan.
Izohlar