Samarqandda gaz portlashi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi va uy qisman qulab tushdi
Vafot etganlar jasadi vayronalar ostidan topilgan.

9-may kuni Samarqand shahridagi turar-joy binolaridan birida gaz chaqnashi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Voqea Bog‘isaroy mahallasi Spitamen ko‘chasida sodir bo‘lgan. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun voqea joyiga o‘t o‘chirish va qutqaruv guruhlari yetib keldi.
Portlash binoning temir-beton konstruksiyalarining qulashiga sabab bo‘lgan. Yerto‘la, shuningdek, birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlar shikastlangan. Portlashdan keyin yong‘in bo‘lmagan.
Hodisa oqibatlarini bartaraf etishga 10 ta birlamchi va maxsus yong‘in-qutqaruv texnikasi, shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuch va vositalari jalb etildi. Qutqaruv ishlari davomida vayronalar ostidan olti nafar qurbonning jasadi topildi. Voqea yuzasidan dastlabki tergov ishlari boshlangan.
Avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi Andijondagi gaz portlashidan keyin O‘zbekistondagi masjidlarni tekshirishni boshlagani xabar qilingandi. Turar-joy va tahorat xonalariga alohida e’tibor qaratildi.
Izohlar