Hodisa

Samarqandda erkak sobiq harbiy qism yerini 600 ming dollarga sotmoqchi bo‘ldi

Huquq-tartibot idoralari xodimlari uni oldindan 40 ming dollar olayotgan vaqtida ushlab, jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

Фото: Ситуативное

Samarqand viloyatida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari sobiq harbiy qism binosi joylashgan yer uchastkasini 600 ming AQSH dollariga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxsni qo‘lga olishdi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy fuqaroning murojaatidan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak Kattaqo‘rg‘on tumanidagi sobiq harbiy qism binolari joylashgan 12,7 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Erkak o‘z yordamini 600 ming dollarga baholagan.

Tartib posbonlari huquqbuzarni 40 ming dollar avans pulini berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olishgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX Migratsiya agentligi xodimlarini pora bilan qo‘lga olgani haqida xabar berilgan edi. Tartib posbonlari ularni 41 ming dollar pora bilan qo‘lga tushirgan va bu ular uchun birinchi holat emasligini aniqlagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная