Samarqandda bosh inspektor ishxonasida pora olayotganda qo‘lga olindi
Erkak avvaliga tadbirkor faoliyatidagi qonunbuzarliklarni bo‘rttirib ko‘rsatgan, keyin esa 3000 dollarlik jarimani kamaytirishga va’da bergan.

Samarqandda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Inspeksiya bosh mutaxassisi pora olayotgan vaqtda qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi bosh mutaxassisi g‘isht zavodini tekshirish davomida aniqlangan qoidabuzarliklarni oshirib ko‘rsatgan va tadbirkorga sifatsiz mahsulot ishlab chiqargani va sotgani uchun 226 mln so‘m jarima solishini aytgan.
Biroq erkak 3000 dollar evaziga tekshiruv yakunlari bo‘yicha tuziladigan dalolatnomada jarima miqdorini 226 mln so‘mdan 25 mln so‘mga kamaytirishni va’da qilgan. Tartib posbonlari erkakni o‘z xonasida 2500 dollarni pora sifatida olayotgan vaqtida qo‘lga olishgan.
Erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tartib posbonlari gumonlanuvchini hibsga olishdi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda soliq idorasi xodimi 40 dollar pora olgani uchun ikki yilga qamalgani haqida xabar berilgandi. Erkakning uchta farzandi qolgan.
Izohlar