Samarqandda 16 yoshli maktab o‘quvchisi cho‘kib ketdi
Yigit mahalliy kanalga cho‘milishga ketgan va qaytib kelmagan, jasad bir necha kundan keyin topilgan.

Samarqand viloyatining Narpay tumanida maktab o‘quvchisi mahalliy suv kanalida cho‘kib ketdi, deb xabar bermoqda Kun.
16 yoshli yigit Narpay kanaliga cho‘milishga borgan va uyiga qaytmagan. O‘quvchini qidirish ishlari bir necha kun davom etdi. Jasad qo‘shni Paxtachi tumanidan topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yigit cho‘kib ketgan, jasadni kuchli oqim olib ketgan.
Marhumning yaqin qarindoshlari uni tanib olishgan. Voqea joyi tuman prokuraturasi tergovchisi tomonidan ko‘zdan kechirilib, yigitning o‘limi sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Narpay tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent yaqinidagi suv havzasida uch nafar bola cho‘kib ketgandi. Voqea joyida cho‘milishni taqiqlovchi belgilar bo‘lmagan, Bosh prokuratura tergov boshladi.
Izohlar