Qoraqalpog‘istonda tuman hokimi o‘rinbosari katta miqdorda pora olayotganda qo‘lga olindi
DXX xodimlari fermer xo‘jaligi rahbari va Agrosanoat nazorati inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘ini ham pora bilan qo‘lga olgan.

Qoraqalpog‘istonda tuman hokimi o‘rinbosari katta miqdorda pora olayotganda qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Beruniy tumani hokimi o‘rinbosari Taxiatosh tumanida qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona rahbaridan 12 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Amaldor bu pulni Beruniy tumanidan qizilmiya yetishtirish uchun 150 gektar yer ajratish evaziga talab qilgan.
Namangan viloyatida yana bir holatda Kosonsoy tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari 24 gektar yerni nufuzli tanishi orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 240 ming dollar talab qilgan. Shuningdek, u oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Keyinroq DXX xodimlari uning tanishi – Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisini ham qo‘lga olgan. U yer uchastkasini noqonuniy rasmiylashtirgani uchun 10 ming dollar olgan.
Shundan so‘ng, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i 1 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi. U Andijon tumanidagi paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga qarashli 6 sotix yer maydonida noqonuniy qurilishlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdorini kamaytirishga va’da bergan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bosh inspektor ish xonasida pora olayotganda qo‘lga olingan edi. Erkak avvaliga tadbirkor faoliyatidagi qonunbuzarliklarni bo‘rttirib ko‘rsatgan, keyin esa 3000 dollarlik jarimani kamaytirishga va’da bergan.
Izohlar