Qoraqalpog‘istonda Tojikistondan olib kelingan katta miqdordagi opiy bilan giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Nukusda muqaddam sudlangan 53 yoshli fuqaro 60 yoshli erkakka 9 gr opiy moddasini 4 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlandi. Giyohvand moddalar sotuvchisidan yana 5 gramm opiy musodara qilindi.
Ta’minotchi ilgari giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan 44 yoshli erkak bo‘lib chiqdi. U Xo‘jayli tumanida 20 gr opiy giyohvandlik moddasini 8 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Shuningdek, undan 1 kg 176 gr opiy musodara qilingan.
Tezkor tadbirlar davomida giyohvand moddalar Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani aniqlandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.






















