Hodisa

Qashqadaryodagi zapravkada yuz bergan yong‘inda halok bo‘lganlarning oila a’zolariga tovon puli to‘lab berildi

Shuningdek, jabrlanganlarning davolanishi va zarur dori-darmonlari uchun davlat tomonidan haq to‘lanadi.

Qashqadaryoda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan portlash va yong‘in oqibatida halok bo‘lgan 4 nafar fuqaroning oila a’zolariga tovon puli to‘lab berildi, deb xabar bermoqda Ko‘kdala tumani hokimligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hokimlik halok bo‘lganlarning oilalariga 100 mln so‘mdan naqd pul to‘lagan. Bundan tashqari, hodisa oqibatida tan jarohati olib, davolanayotgan fuqarolarga ham 50 mln so‘mdan kompensatsiya pullari to‘lab berildi. Qayd etilishicha, pullar jabrlanuvchilarning uyiga yoki davolanish joylariga yetkazilgan.

Hokimlikning ta’kidlashicha, jarohatlanganlar to‘liq sog‘aygunga qadar ularga malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi, davolash va dori-darmonlar bilan bog‘liq barcha xarajatlar to‘liq davlat hisobidan qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, voqea 16-iyul kuni Ko‘kdala tumanidagi gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Yong‘in haqida soat 14:40 da xabar kelib tushgan va soat 14:45 da 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat 15:35 da to‘liq bartaraf etilgan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, yoqilg‘i quyish shoxobchasi hududida avvaliga yoqilg‘i saqlash rezervuari portlagan, shundan so‘ng bino yonib ketgan. Hodisa oqibatida 4 nafar mahalliy fuqaro halok bo‘lgan.

Avvalroq Toshkentda rekonstruksiya qilinayotgan binoda yirik yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Poytaxt osmonini quyuq qora tutun qoplagan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная