Hodisa

Qarshida uch nafar advokat pora bilan qo‘lga tushdi

Huquqshunoslar fuqarolarga sud tizimidagi tanishlari orqali pul evaziga ehtiyot chorasini o‘zgartirishga va’da bergan.

Qarshida uch nafar advokat pora bilan qo‘lga tushdi
Фото: Ситуативное

Qashqadaryo viloyatida DXX xodimlari uch nafar advokatni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Dastlab, huquq-tartibot idoralari xodimlari Qarshi shahridagi yuridik firmaning advokatini sud tizimida ishlovchi tanishi orqali ikki nafar fuqaroning ehtiyot chorasini boshqasiga almashtirish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga oldi.

Navbatdagi ishda advokatlik firmasining advokati fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining ish yurituvida bo‘lgan ishni uning foydasiga hal qilish uchun fuqaro bilan shartnoma tuzgan va ko‘rsatgan xizmatlari uchun 3,5 mln so‘m miqdorida haq olgan.

Biroq advokat sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali fuqarolik ishini hal qilishini aytib, qo‘shimcha 500 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Yana bir holatda advokatlik firmasining advokati yuridik yordam so‘rab murojaat qilgan fuqaro bilan shartnoma tuzmasdan, bezorilik bo‘yicha ishning bir qismini ijobiy hal qilishga va’da berib, xizmati uchun 2 mln so‘m avans so‘ragan. U pul olayotganda qo‘lga tushdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur advokatlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik), 28-moddasi (Ishtirokchilik) va 211-moddasi 2-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Firibgarlar 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida ikki nafar IIB xodimi katta miqdordagi pora bilan qo‘lga tushgandi. Huquq-tartibot xodimlaridan biri korrupsiya jinoyati uchun ilgari sudlangan bo‘lib chiqdi, biroq u o‘z lavozimiga tiklandi.

Асия Мамадиярова
Редактор «NOVA24»

Izohlar

Mavzuga oid