Qarshida “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqim fosh etildi — video
Erkaklar to‘planib, xalifalik tuzish masalalarini muhokama qilgan va davraga boshqalarni ham jalb qilgan.

Qashqadaryo viloyatida DXX xodimlari “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining yashirin guruhini fosh qildi, deb xabar bermoqda idora axborot xizmati.
Guruh tashkilotchisi Qarshi tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 48 yoshli xavfli residivist bo‘lib chiqdi. U O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun ham sudlangan. Erkak 1964-1986-yillarda tug‘ilgan yana yetti kishini jalb qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari yig‘ilib, xalifalik tuzish masalalarini muhokama qilishgan. Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarning jihod, hijrat va xalifalik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi audio va video materiallarini tarqatib, boshqa fuqarolarga ekstremistik g‘oyalarni singdirishga uringan.
Guruhning to‘rt nafar a’zosi, shu jumladan, yetakchi ushbu jinoyatlar uchun jazo muddatini o‘tab bo‘lgan. Erkaklar Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha aybdor deb topildi.
Shuningdek, 244-2 (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish). Ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, Qo‘qonda DXX xodimlari diniy radikallar guruhini qo‘lga olgandi. Erkaklar ekstremizm va terrorizm, xalifalik tuzish g‘oyalarini targ‘ib qilib, Suriyaga pul jo‘natgan.
Izohlar