Hodisa

Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan YTHda uch kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi

Ikkala holatda ham yengil avtomobil haydovchilari boshqaruvni yo‘qotib, yonma-yon harakatlanayotgan yuk mashinalariga borib urilgan.

Namangan viloyatida Qamchiq dovonida bir kunda ikkita yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, oqibatda uch kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi jarohatlandi. Viloyat YHXB matbuot xizmati holatga izoh berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi hodisa soat 04:40 da A-373 trassasida sodir bo‘lgan. Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l-yo‘lakay harakatlanib kelayotgan yuk mashinasiga borib urilgan. To‘qnashuv oqibatida yengil avtomobil yo‘lovchilaridan biri voqea joyida halok bo‘lgan, ikkinchisi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ikkinchi holat soat 08:39 da shu hududda qayd etilgan. Cobalt haydovchisi ham boshqaruvni yo‘qotib, avvaliga bitta yuk mashinasining orqa qismiga urilgan, keyin esa ikkinchisiga borib urilgan. YTH oqibatida yengil avtomobilning ikki nafar yo‘lovchisi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Pop tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Toshkentda birdaniga to‘rtta avtomobil YTHga uchragani haqida xabar berilgan edi. Haydovchilardan biriga shifokorlar yordami kerak bo‘ldi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная