Prokuratura Grand Mir mehmonxonasi bilan bog‘liq mojaroda toshkentliklarni qo‘llab-quvvatladi
Mehmonxona o‘rnida poytaxt bosh rejasiga zid bo‘lgan 30 qavatli bino qurish rejalashtirilgandi.

Prokuratura Grand Mir Hotel mehmonxonasi bilan bog‘liq mojaroda toshkentliklar tarafini oldi, deb xabar bermoqda bloger Nikita Makarenko.
27-iyun kuni tarmoqlarda Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan 30 qavatli uchta binoning renderlari va loyihasi paydo bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, binoning birinchi qavatida savdo-ko‘ngilochar markazi joylashadi. Makarenkoning so‘zlariga ko‘ra, 3000 ga yaqin toshkentlik ushbu majmua qurilishiga qarshi jamoaviy murojaatni imzolagan.
Petitsiya prezident qabulxonasi, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va shahar kengashiga yuborilgan. Poytaxt hokimligi mehmonxona o‘rnida boshqa mehmonxona qurish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Biroq bosh rejaga ko‘ra, u yerda besh qavatdan baland binolar qurishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Bog‘saroy” mahallasi aholisi jamoatchilik quruvchining majburiyatlari bilan tanishishi va xavflarni baholashi uchun tinglovlar o‘tkazish va loyihani mavjud manbalarda e’lon qilishni talab qildi, — deyiladi xabarda.
Bosh prokuratura “Bog‘saroy” mahallasida yashovchi bir guruh namoyishchilarning murojaatiga rasmiy munosabat bildirdi. Bosh rejaga ko‘ra, Grand Mir Hotel mehmonxonasi o‘rnida 5 qavatdan baland binolar qurish taqiqlanadi. Shuningdek, prokuratura shaharsozlik kengashiga hech qanday hujjat topshirilmaganini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, Biznes-ombudsman tadbirkorni korrupsiyani tanqid qilgani uchun jazolashni nomaqbul deb atadi. Avvalroq tadbirkor qurilish sohasidagi korrupsion sxemalar tarixini oshkor qilgandi, Qurilish vazirligi bunga javoban Ichki ishlar vazirligiga ariza berdi.
Izohlar