Olmaliqda murabbiy va MMA jangchisi bolalarni ayovsiz kaltakladi — video
Shuningdek, u yomon xulq-atvori yoki baholari uchun ota-onasining iltimosiga binoan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda murabbiy bo‘lib ishlaydigan MMA jangchisi Suhrob Mirzavaliyev bolalarni ayovsiz kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi hodisaga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat Toshkent viloyatining Olamaliq tumanida sodir bo‘lgan. Kadrlarda erkak bolalarning yig‘lashiga va to‘xtatish so‘ralganiga qaramay, ularni tayoq bilan urayotganini ko‘rish mumkin. Jarayon aks etgan videoni u ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib, bolalarni faqat shunday tarbiyalash kerakligini ta’kidlaydi. Jismoniy zo‘ravonlikni ota-onalarning iltimosiga ko‘ra yomon xulq-atvori yoki baholari uchun ham qo‘llaydi.
Keyinroq murabbiy videoni akkauntdan o‘chirib tashladi. UzNews xabariga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qilgan. Voqeani o‘rganish uchun tegishli organlar jalb qilingan. Idoraning ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlarga hech qanday bahona bilan, jumladan, tarbiyaviy choralar yoki “iroda kuchini mustahkamlash” niqobi ostida yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatida ota o‘z farzandlarini ayovsiz kaltaklagan edi. Bolalar ombudsmani vaziyatga munosabat bildirib, jabrlanganlarning xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi.
Izohlar