Olmaliqda bolalarni kaltaklagan MMA murabbiyi va ota-onalar jazolandi
Shahar hokimi, shuningdek, bolalarning psixologik holatini o‘rganish, ularning oilasidagi vaziyatni tekshirish va chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Olmaliq hokimligi murabbiy tomonidan bolalarning kaltaklanishi bilan bog‘liq voqeaga izoh berdi.
Mazkur holat tegishli mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Shaharda Olmaliq bolalar ishlari bo‘yicha komissiyasining shoshilinch yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda shahar IIBga murabbiyning noqonuniy xatti-harakatlariga qonuniy chora ko‘rish topshirildi. Bundan tashqari, murabbiydan farzandlarini jazolashni so‘ragan bolalarning ota-onalari ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Shuningdek, shahar hokimining ko‘rsatmalaridan quyidagilar kelib chiqadi:
- tibbiyot birlashmasiga bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish topshirildi;
- IIB va “Inson” markaziga bolalarning oilaviy muhitini o‘rganish, ruhiy holatini baholash, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirildi;
- Sport maktabiga mintaqadagi barcha sport klublarini qayta tekshirish, xususiy murabbiylarni uslubiy tavsiyalar bilan ta’minlash va sport seksiyalarining noqonuniy faoliyati aniqlangan taqdirda tegishli organlarga xabar berish vazifasi topshirildi.
Komissiya yig‘ilishida murabbiy qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, keng jamoatchilikdan uzr so‘rashga tayyorligini ma’lum qildi, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Olmaliqda murabbiy va MMA jangchisi bolalarni ayovsiz kaltaklagandi. Shuningdek, u yomon xulq-atvori yoki baholari uchun ota-onasining iltimosiga binoan jismoniy zo‘ravonlik qo‘llagan.
Izohlar