Hodisa

Odamlar bo‘g‘ilyapti: Toshkentda vodorod peroksidi sizib chiqdi

Voqea joyiga o‘nlab o‘t o‘chirish mashinalari, tez yordam va RKBH otryadlari yetib kelgan.

Toshkentda 21-iyulga o‘tar kechasi Olmazor tumanidagi kimyo korxonasida texnogen avariya sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda FVV axborot xizmati.

Tungi soat birlarda aholi kimyoviy hid va bo‘g‘uvchi havodan shikoyat qila boshladi, ijtimoiy tarmoqlarda shahar bo‘ylab tarqalayotgan qo‘rqinchli oq tuman aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

Voqea joyiga o‘nlab o‘t o‘chirish va tez tibbiy yordam mashinalari, shuningdek, tibbiy-biologik himoya otryadlari yetib borgan. Oradan ikki yarim soat o‘tib, FVV rasmiy xabar e’lon qildi: sanoat omborlaridan birida vodorod peroksidi sizib chiqqani aniqlandi. RKBH xodimlari oqibatlarni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.

“Vaziyat nazoratga olingan, voqea joyida barcha tegishli xizmatlar ishlamoqda. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari yakunlangach, qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deyiladi FVV xabarida.

Air Tashkent xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Olmazor tumanida havo sifati xavfli darajaga yetgan. Kuchli kimyoviy hiddan Chilonzor tumani aholisi shikoyat qila boshladi.

Vodorod peroksid bug‘lari katta konsentratsiyalarda ko‘z, teri va nafas yo‘llarini yallig‘lantiradi. Shuningdek, terining kuyishi, ko‘zning og‘ir shikastlanishi (ko‘rlikkacha), nafas olishda o‘pka shishi bo‘lishi mumkin. Ichga tushganda — ichki kuyish, ko‘pikli qusish, kislorod ajralishi natijasida oshqozon shishishi mumkin.

UPD: Vodorod peroksidi sizib chiqishi RKBH bo‘limi xodimlari tomonidan soat 04:00 ga qadar to‘liq bartaraf etildi, texnogen avariya Olmazor tumani Uzumbog‘ ko‘chasidagi omborxonada sodir bo‘ldi, hodisa yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda, deya xabar berdi FVV axborot xizmati.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная