O‘zbekistonning ikki viloyatida uch nafar amaldor pora bilan qo‘lga tushdi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari ularni qo‘lga olib, jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

O‘zbekistonning ikki viloyatida mansabdor shaxslar pora bilan qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi holat Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida qayd etilgan. U yerda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosotish” filiali tuman bo‘limi boshlig‘i tuman suv ta’minoti tashkiloti bosh mutaxassisi bilan birgalikda 5 mln so‘m evaziga fermer xo‘jaligini qarzdorligiga qaramasdan elektr tarmoqlariga qayta ulab, elektron hisoblagichni qaytarib berishni va’da qilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ikkala jinoyatchini pul olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olishgan.
Farg‘ona viloyatida sodir bo‘lgan ikkinchi holatda esa tartib posbonlari Xalq qabulxonasining yetakchi mutaxassisini qo‘lga olgan. Erkak 60 yoshli fuqaroga kredit qarzdorligini “hal qilib”, ijro ishini yopishga va’da bergan. Xizmatlari uchun amaldor 5 mln so‘m ham talab qilgan. Tartib posbonlari uni pora olayotganda qo‘lga olishdi. Hozirda ikkala holat bo‘yicha ham huquq-tartibot idoralari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar