O‘zbekistonlik xonanda Shoira Otabekova Andijonda YTHga uchradi
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, san’atkor boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa urilgan.

19-iyun kuni Andijon viloyatida o‘zbekistonlik xonanda Shoira Otabekova boshqaruvni yo‘qotib, YTHga uchradi, deb xabar bermoqda YHXB axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Qo‘rg‘ontepa tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining 42-kilometrida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, san’atkor Xonobod tomon harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l to‘sig‘iga borib urilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan, xonandaning avtomobili mexanik shikastlangan va qattiq lat yegan. Shoira Otabekovaning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yo‘l-transport hodisasiga qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan noma’lum avtomobil sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
“Ro‘paramdan chiqqan odam qochib ketdi. Menga hech narsa bo‘lgani yo‘q”, — dedi san’atkor.
Huquq-tartibot idoralari hodisa yuzasidan tekshiruv boshladi.
Avvalroq Samarqandda sud raisi yuk mashinasi bilan avtohalokatga uchragani to‘g‘risida xabar berilgandi. Sudya voqea joyida vafot etdi, prokuratura tergov boshlagan.
Izohlar