Ummon poytaxtida suriyalik oilaning uyida O‘zbekiston fuqarosi — bir yoshli bola hech qanday hujjatsiz qoldirilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Aniqlanishicha, 2023-yilda ona tug‘ruqxonaga nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etmagan, shu sababli yangi tug‘ilgan chaqaloqqa hech qanday hujjatlar rasmiylashtirilmagan. Bundan tashqari, Ummonda ayolga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, shu sababli u tug‘ruqxonani yashirincha tark etgan.
Vaqtinchalik nazorat bahonasida onasi bolani suriyaliklar oilasida qoldirib, O‘zbekistonga qochib ketgan. Bu oila ikki yil davomida bolaga g‘amxo‘rlik qildi. Keyinchalik, Suriyada tinchlik o‘rnatilgach, ular vatanga qaytishga qaror qilishgan va bolani O‘zbekiston elchixonasiga topshirishgan.
Ma’lum qilinishicha, 2023-yilda Ummondan O‘zbekistonga qochib ketgan ona 2024-yilda boshqa jinoyatlari uchun hibsga olingan va hozirda jazoni o‘tamoqda. Bolaga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirilib, 18-dekabr kuni elchixona xodimi hamrohligida “Maskat — Dubay — Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha vatanga qaytarilgan.


























