O‘zbekistonda Tojikistondan keltirilgan katta miqdordagi afyun qo‘lga olindi
Giyohvand moddalarni Xorazm viloyati bo‘ylab tarqatish rejalashtirilgan bo‘lgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari O‘zbekistonga Tojikistondan olib kirilgan qariyb 50 kg opiy giyohvandlik moddasini musodara qildi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Xorazm viloyati bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalarining katta partiyasi musodara qilindi. Xususan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi 35 yoshli fuqaro Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani hududiga 49 kg 599 gr “opiy” giyohvandlik moddasini olib kirmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
U giyohvand moddalarni o‘zi boshqarayotgan yuk mashinasining yuk bo‘limida jihozlangan yashirin joyga yashirgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida giyohvandlik vositalari keyinchalik Xorazm viloyati hududida sotish maqsadida Tojikistondan olib kirilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Kontrabanda) va 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi hibsga olindi. Tergov harakatlari doirasida uning sheriklarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.
Avvalroq DXX xodimlari Tojikistondan kelgan yirik miqdordagi giyohvand moddalar kontrabandasini qo‘lga olgandi. Erkak 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Izohlar