Hodisa

O‘zbekistonda shaxsiy hayot daxlsizligini buzish holatlari ko‘paydi

Bunday holatlar bo‘yicha jinoiy ishlar 40 foizga oshgan.

O‘zbekistonda shaxsiy hayot daxlsizligini buzish holatlari ko‘paydi

O‘zbekistonda so‘nggi uch yil ichida ma’lumotlarni oshkor qilish va shaxsiy hayot daxlsizligini buzish bilan bog‘liq jinoyatlar 2,5 baravar ko‘paydi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Hayot Qilichev.

Ushbu jinoyatlar bo‘yicha jinoiy ishlar soni qariyb 40 foizga oshgan. Umuman olganda, inson tasviri tushirilgan foto yoki video materiallardan foydalanish uchun uning roziligi talab etiladi. Agar shaxs 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ota-onasi rozilik beradi. Biroq, ba’zi hollarda rozilik talab qilinmaydi:

  • shaxs qidiruvga berilganda;
  • jamoat joylarida va ommaviy tadbirlarda suratga olishda;
  • huquqbuzarlik yoki jinoyat to‘g‘risida xabar berilganda;
  • agar rasmni shaxsning o‘zi ochiq manbalarda, masalan, Internetda joylashtirgan bo‘lsa;
  • jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali tasvirga olishda.

Davlat xizmatchilarini ularning roziligisiz suratga olish mumkin. Shu bilan birga, odamlar qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘lgan joylarda kuzatuv kameralarini o‘rnatish va tasvirga olish taqiqlanadi.

Avvalroq O‘zbekistonda sayt va platformalardan foydalanuvchilarning huquqlari belgilanishi haqida xabar berilgandi. Yangi qonun fuqarolarni “yolg‘on axborot”dan himoya qiladi.

Izohlar

Mavzuga oid