Hodisa

O‘zbekistonda reydlar davomida noqonuniy oltin qazib olgan o‘nlab fuqarolar qo‘lga olindi

Davlatga yetkazilgan dastlabki zarar 20 mlrd so‘mga baholanmoqda.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari noqonuniy oltin qazib olish holatlarini aniqlash maqsadida reydlar o‘tkazdi va qoidabuzarlik sodir etgan o‘nlab fuqarolarni qo‘lga oldi, deb yozadi O‘zA.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tartib posbonlari tomonidan Buxoro va Navoiy viloyatlarida joylashgan bir nechta obyektlarda tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Xususan, Shofirkon tumanida joylashgan “Quljuqtov” tog‘ massivida “Oltin kon” kompaniyasiga tegishli hududlarni tekshirish chog‘ida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 37 nafar fuqaro qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, tartib posbonlari gumonlanuvchilarni noqonuniy ishlarni amalga oshirish chog‘ida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olgan. Shuningdek, tintuv davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 3 ta Ford avtomobili, 8 ta perforator, 6 ta kompressor, 400 qopga yaqin oltin tarkibli ruda, shuningdek, turli xil qo‘lbola asbob-uskunalar olib qo‘yilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar o‘z harakatlari bilan davlatga 20 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqandda noqonuniy oltin qazib olish chog‘ida ikki erkak halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Yana uch nafar qidiruvchi kasalxonaga yotqizilgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная