O‘zbekistonda reklama to‘g‘risidagi qonunni buzgan farmatsevtika kompaniyasi jarimaga tortildi
Mutaxassislar retseptsiz beriladigan dori vositalari reklamasida kafolatlangan natija haqida bayonot berish mumkin emasligini eslatdi.

O‘zbekistonda farmatsevtika korxonasi reklama to‘g‘risidagi qonunni buzgani uchun jarimaga tortildi, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mita dori vositasining “Forsil — og‘riq izsiz yo‘qoladi” shiori aks etgan reklama roligida qonun buzilishini aniqlagan. Mutaxassislarning aniqlashicha, bunday bayonot “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 34-moddasi talablariga zid bo‘lib, unga ko‘ra, retseptsiz beriladigan dori vositalari reklamasida ushbu dori vositasining ta’siri kafolatlanganligi to‘g‘risida bayonotlar bo‘lmasligi kerak.
Natijada, maxsus komissiya NIKA FARM kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atish va moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan tashqari, kompaniyalar tomonidan qoidabuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatma ham berilgan.
Avvalroq Toshkentda energetiklarning taqiqlangan reklamasini tarqatgan kompaniya aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Reklama materiallari transportga joylashtirilgan va mashhur sportchining shaxsiyatidan foydalanilgan.
Izohlar