Hodisa

O‘zbekistonda QQSni noqonuniy qaytarish bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etildi

Soliq organlarining ayrim xodimlari pul uchun tadbirkorlarning “Barqarorlik reytingi”dagi ko‘rsatkichlarni oshirib ko‘rsatgan.

O‘zbekistonda QQSni noqonuniy qaytarish bilan bog‘liq firibgarliklar fosh etildi
Фото: Ситуативное

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari davlat budjetidan 82 mlrd so‘mlik QQS noqonuniy qaytarilganini aniqladi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyatga “Barqarorlik reytingi” dasturiga kiritilgan soxta ma’lumotlar sabab bo‘lgan. Soliq organlarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdor bo‘lib, 18 ta korxonaning reyting tizimidagi ko‘rsatkichlarini sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatgan va risk darajasi haqidagi ma’lumotlarni o‘chirib tashlagan.

Bu kompaniyalarga katta miqdordagi QQSni noqonuniy qaytarish imkonini berdi. Holat yuzasidan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida huquq-tartibot idoralari xodimlari yog‘och import qiluvchi kompaniyalardan birining hisob raqamiga 5,5 milliard so‘mlik QQS noqonuniy ravishda qaytarilganini ham aniqladi. Shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasining ikki nafar xodimi, mazkur kompaniya direktori va hisobchisi hamda ikki nafar norasmiy rahbar gumonlanuvchi sifatida ushlangan. Ayblanuvchilar hibsga olindi. Tintuv davomida gumonlanuvchilardan quyidagilar olib qo‘yilgan:

  • 79 ming dollar;
  • 161 mln so‘m naqd pul;
  • 3 Li 9 elektromobili;
  • 2 ta Gentra va 1 ta Nexia-3;
  • 1268 dona Terea elektron sigareta bloki;
  • 27 ta elektron kalit;
  • muhrlar;
  • kompyuterlar va telefonlar.

QQS noqonuniy qaytarilgan boshqa korxonalarga nisbatan ham tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda keshbek cheklari summasiga limit o‘rnatilishi haqida xabar berilgandi. Ehtiyojmandlarga shakar, un, dori-darmon va tibbiy xizmatlar uchun QQS ham qoplab beriladi.

Izohlar

Mavzuga oid