O‘zbekistonda milliardlab so‘mlik gaz va elektr energiyasi talon-toroj qilindi
Huquqbuzarlarga nisbatan 126 ta ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonda bir haftada qariyb 38 mlrd so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mutaxassislar reydlar o‘tkazib, elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 92 ta holatni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.
Natijada huquqbuzarlar 32,4 mlrd so‘mlik 15,6 mln kVt/soat elektr energiyasi hamda 5,4 mlrd so‘mlik 1,8 mln kub metr gazni talon-toroj qilishga muvaffaq bo‘lgan. Davlatga yetkazilgan umumiy zarar 37 mlrd 921 mln so‘mni tashkil etgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan 126 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, huquqbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilgan. Tartib posbonlari tomonidan to‘plangan barcha hujjatlar huquq-tartibot idoralariga yuborildi.
Avvalroq O‘zbekistonda o‘tkazilgan reydlar davomida qariyb 20 milliard so‘mlik energiya resurslari talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari ikki mingdan ortiq holatni qayd etgan.
Izohlar