O‘zbekistonda chigirtkalar xuruji davom etmoqda
Mutaxassislar zudlik bilan monitoring o‘tkazib, hududlarni tozalash ishlarini davom ettirmoqda.

O‘zbekistonda 515 ming 830 gektar maydonda chigirtkalar tarqaldi, deb xabar bermoqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlar 875 ming gektardan ortiq maydonda chigirtkalar tarqalishini monitoring qilgan. Zararkunandalarning eng ko‘p uchrashi asosan Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kuzatilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan 507 181 gektar maydonda hasharotlarga qarshi kimyoviy kurash tadbirlari o‘tkazildi. Bunda asosiy o‘choqlarni Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tugatishga muvaffaq bo‘lindi. Shuningdek, agentlikning ta’kidlashicha, chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati tunu kun ishlaydi, erta tong va kechki soatlarda kimyoviy nazorat olib boriladi. Shu bilan birga, mutaxassislar kun davomida monitoring o‘tkazadi.
Shuningdek, zararli chigirtkalar tarqalgan hududlar haqida ma’lumot bo‘lsa, agentlikka murojaat qilish kerakligi eslatib o‘tildi, chunki hududlarga kimyoviy ishlov berish bepul. Mutaxassislar bilan 1288 yoki 712021000 telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin.
Avvalroq Qozog‘istonda chigirtkadan oziq-ovqat tayyorlab, xorijga sotmoqchi bo‘lishgani haqida xabar berilgandi. Qozog‘istonliklarning o‘ziga qayta ishlangan hasharotlarni taklif qilishmaydi.
Izohlar