Ijtimoiy tarmoqlarda “Sherxon” taxallusi bilan tanilgan O‘zbekiston fuqarosi Omon Yusupov prezidentni haqorat qilgani uchun 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Hodisa 2023-yilning fevral oyida sodir bo‘lgan. Yusupov Qozog‘istonda TikTok`da jonli efirga chiqib, mamlakat rahbariyati sha’niga haqoratli so‘zlarni aytgan. Voqeadan so‘ng Yusupov O‘zbekistondan tashqarida — Turkiya va Ozarbayjonda bo‘lgan.

2025-yil aprel oyida u Ozarbayjonda hibsga olingan. Sudda u o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini aytib, omma oldida kechirim so‘radi. Sud uni Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) bilan aybdor deb topib, 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Yusupov avval ham javobgarlikka tortilgan, biroq o‘shanda unga nisbatan yengilroq choralar qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida yigit prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda haqorat qilgani uchun sudlangandi. Sud yigitni ikki yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.