Hodisa

O‘zbekistonda bir kunda 300 dan ortiq chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlari aniqlandi

Huquqbuzarlarga 224,36 million so‘m jarima solindi.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari ekologiya muhofazasiga qaratilgan reydlar davomida bir kunda 300 dan ortiq chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash holatlarini aniqladi, deb xabar bermoqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 15-oktyabr kuni mamlakatning barcha hududlarida tartib posbonlari tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 328 ta holat qayd etilgan. Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari huquqbuzarlarga 224,36 million so‘m miqdorida jarima solgan. Qayd etilishicha, tartib posbonlari tomonidan tozalik va obodonlashtirish oyligi doirasida shuncha miqdordagi huquqbuzarliklar aniqlangan.

Tadbirlar davomida Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat ishchi guruh vaziyatni doimiy nazoratga olgan. Shuningdek, idoraning ta’kidlashicha, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, vazirlik barcha aholi punktlarida obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi: hovlilar, ko‘chalar, ariqlar, ta’lim muassasalari va boshqa obyektlar chiqindilardan tozalanmoqda. Fuqarolar faol ishtirok etishga va atrof-muhitga nisbatan mas’uliyat ko‘rsatishga chaqirildi.

Avvalroq O‘zbekistonda yosh ekofaol fuqarolarning “yashil” g‘oyalari moliyalashtirilishi xabar qilingandi. Buning uchun maxsus jamg‘arma paydo bo‘ladi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная