O‘zbekiston fuqarosi olti yil avval internetda layk bosgani uchun qamaldi
Ayblanuvchi layk qo‘ygan va shu tariqa postni Odnoklassniki`dagi virtual do‘stlariga tarqatgan.

Surxondaryoda taqiqlangan diniy materiallarni o‘z ichiga olgan “Abdulloh domla” postiga “layk” bosgan va tarqatgan shaxsga hukm o‘qildi, deb xabar bermoqda viloyat sudi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda erkak Odnoklassniki.ru messenjerida Abdug‘ani Umarov, shuningdek, Abdulla Do‘lmaning taqiqlangan diniy materiallarni o‘z ichiga olgan «Samo oshig‘i» nomli postini «layk» qo‘ygan va shu tariqa o‘zining virtual do‘stlariga tarqatgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi erkakni Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi (Ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bilan aybdor deb topib, 57-moddani qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Avvalroq, O‘zbekistonda ekstremistik materiallar ro‘yxati yangilangani haqida xabar berilgan edi. Yangi versiyaga mingdan ortiq taqiqlangan kontent manbalari kiritilgan.
Izohlar