5-yanvar kuni Navoiy viloyatida yo‘lovchilar bo‘lgan avtobus dahshatli YTHga uchradi, halok bo‘lganlar bor, deb xabar bermoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.
YTH soat 7:40 larda A-379 Navoiy—Uchquduq xalqaro avtomobil yo‘lining Tomdi tumani Tomdibuloq mahallasi hududidan o‘tuvchi 167-168-kilometrlarida sodir bo‘lgan. Zarafshon—Navoiy yo‘nalishida 47 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan ZHONG TONG BUS rusumli avtobusni boshqarishda 17 yillik tajribaga ega haydovchi boshqaruvni yo‘qotgan.
Oqibatda avtobus harakat yo‘nalishi bo‘ylab o‘ng tomonga siljib, ag‘darilib ketgan. Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi olgan tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan. To‘qqiz kishi turli tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Hozirda Navoiy viloyati IIB tomonidan holatga to‘liq oydinlik kiritish, jabrlanganlar va ularning oila a’zolariga yordam ko‘rsatish, shuningdek, og‘ir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoit va sabablarga huquqiy baho berish maqsadida hodisaning barcha holatlari o‘rganilmoqda, — deyiladi xabarda.

























