Navoiyda 5 oylik chaqaloq vafot etdi Navoiy viloyatida otasi yig‘lagani uchun og‘zini paypoq bilan tiqib qo‘ygan chaqaloq vafot etdi, deya xabar bermoqda Zamon.
Hodisa 10-yanvar kuni soat 00:00 atrofida Xatirchi tumanida sodir bo‘lgan. Bola yig‘lagani uchun otasi uning og‘ziga paypoq tiqdi. Natijada chaqaloqda nafas yetishmovchiligi boshlanib, u ko‘karib ketgan. Shundan so‘ng onasi bolani zudlik bilan shifoxonaga olib borgan.
Bemor klinik o‘lim holatida olib kelindi. Yurak va nafas olish yo‘q edi, biz yurak-o‘pka reanimatsiyasini o‘tkazdik, shundan so‘ng yurak faoliyati tiklandi. Bola 4 kun davomida bolalar reanimatsiya bo‘limida standartlar asosida davolanib, kerakli mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilgan. Shunga qaramay, 14-yanvar kuni soat 22:00 atrofida biologik o‘lim holati qayd etildi, — dedi shifokor.
Mahalla vakillarining so‘zlariga ko‘ra, bu erkakning ikkinchi oilasi (ikki o‘g‘il). Birinchi oilada ham farzandlari (qizi va o‘g‘li) ga muntazam ravishda tazyiq o‘tkazib kelgan. Mahalla “yettiligi” tomonidan u bilan bir necha bor profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U hibsga olingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bir ayol yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini tug‘ruqxona hojatxonasiga tashlab ketgandi. Ayolning harakatlari kuzatuv kameralari tomonidan qayd etilgan, chaqaloq axlat qutisida o‘lik holda topilgan.



















