Navoiyda mast Damas haydovchisi 23 nafar bola va ikki nafar tarbiyachini olib ketayotgani aniqlandi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari erkakning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligini aniqladi va uning mashinasini jarima maydonchasiga olib ketdi.

Navoiy viloyatida o‘z avtomobilida 20 dan ortiq bolani olib ketayotgan Damas haydovchisi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.
Hodisa 15-sentyabr kuni Navbahor tumanida sodir bo‘lgan. Tartib posbonlari salonida 23 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, shuningdek, ikki nafar tarbiyachi bo‘lgan Damas’ni to‘xtatdi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari aniqlashicha, erkak haydovchilik guvohnomasisiz harakatlangan, shuningdek, mast holda transport vositasini boshqargan.
Shuningdek, erkak ichki ishlar xodimlariga salonda boshqa bolalar bilan birga o‘zining farzandi ham bo‘lganini aytgan. Natijada huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan erkakka nisbatan tegishli choralar ko‘rilib, uning avtomobili jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Avvalroq, Buxoroda haydovchi Damas’ga 20 nafar bolani mindirgani haqida xabar berilgandi. Maktabgacha yoshdagi bolalar olib borilgan bog‘cha ma’muriyati ham javobgarlikka tortiladi.
Izohlar