Hodisa

Namanganda yashirin kripto-tadbirkorlar fosh etildi

Bir yil davomida jinoyatchilar yuz millionlab so‘mlik operatsiyalarni amalga oshirgan.

Namangan viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan kripto-aktivlar noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash maqsadida reyd tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hududda DXX va IIB xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Xususan, birinchi holatda “Yangiobod” mahallasida yashovchi 27 yoshli fuqaro qo‘lga olingan. Erkak tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda kriptovalyuta operatsiyalarini amalga oshirgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchining telefonini tekshirib, 2024-yil dekabrdan joriy yilning avgust oyigacha huquqbuzar jami 383 million so‘mlik 20 ta tranzaksiya amalga oshirganini aniqladi. “Zarkent” mahallasida sodir bo‘lgan ikkinchi holatda ham huquq-tartibot idoralari xodimlari bir yil ichida 352 million so‘mdan ortiq 45 ta tranzaksiya amalga oshirgan mahalliy fuqaroni qo‘lga oldi.

Qayd etilishicha, huquqbuzarlar tomonidan o‘tkazilgan noqonuniy operatsiyalarning umumiy summasi 735 mln so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Ikkala holat bo‘yicha ham tartib posbonlari tomonidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namanganda ikki nafar noqonuniy kriptovalyuta sotuvchisi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. Erkaklar turli vaqtlarda Binance’da tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda 542 mln va 1,71 mlrd so‘mlik bitimlar tuzishgan.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная