Hodisa

Namanganda ikki nafar noqonuniy kriptovalyuta sotuvchisi ushlandi

Erkaklar turli vaqtlarda Binance’da tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda 542 mln va 1,71 mlrd so‘mlik bitimlar tuzishgan.

Namangan viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan yirik miqdordagi kriptovalyutalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kosonsoy tumanida yashovchi 24 yoshli shaxs 2025-yil 2-martdan 19-maygacha umumiy qiymati 542 million so‘mlik 35 ta noqonuniy kriptovalyuta operatsiyalarini amalga oshirgan. Yigit barcha operatsiyalarni Binance platformasi orqali tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda amalga oshirgan.

Qo‘lga olish chog‘ida tartib posbonlari uning iPhone 11’ini ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yishgan. Shuningdek, reyd doirasida tartib posbonlari Norin tumanida yashovchi yana bir fuqaroni qo‘lga oldi, u ham noqonuniy kriptovalyuta operatsiyalari bilan shug‘ullangan.

Erkak 2024-yil 20-maydan 29-noyabrgacha ham 1,71 milliard so‘mlik kriptoaktivlar bilan 35 ta noqonuniy bitim tuzgan. Tartib posbonlari uning Poco F3’ini ham ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yishgan. Ikkala holat bo‘yicha ham huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda sodir etilgan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunbuzarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, huquq-tartibot idoralari buxorolik 17 yoshli “kripto treyder”ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini to‘xtatgani xabar qilingandi. O‘smirga, shuningdek, u Binance’da kriptovalyuta savdosi bilan shug‘ullangan telefonini qaytarib berishdi.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная