Hodisa

Namanganda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan Onix haydovchisi YPX xodimini urib yubordi

Huquq-tartibot idorasi xodimi og‘ir jarohatlar tufayli shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan.

Фото: Ситуативное

Namangan viloyatida haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan Onix haydovchisi huquq-tartibot idoralari xodimlarining talablariga bo‘ysunmay, YPX xodimini urib yubordi, deb xabar bermoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.

Hodisa 21-noyabr kuni taxminan soat 23:00 da Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. YPX xodimlari Onix avtomobilini to‘xtatgan, biroq haydovchi talablarga bo‘ysunmasdan yashirinishga uringan. Shu payt oldinda xizmat qilayotgan katta serjant Vahobjon Mo‘minovga ratsiya orqali mashinani to‘xtatish topshirildi.

Mo‘minov to‘xtash ishorasini berganda haydovchi katta tezlikda xodimini urib yuborib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Keyinroq haydovchi qo‘lga olingan, biroq katta serjant Vahobjon Mo‘minov viloyat tibbiyot muassasasiga ketayotib, yo‘lda vafot etgan.

IIV rahbariyati va ko‘p sonli shaxsiy tarkibi viloyat IIB YHXB katta inspektori, katta serjant Vahobjon Mo‘minovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Mo‘minov 2007-yildan buyon IIBda sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan edi. Uning suyukli rafiqasi, ikki qizi va bir o‘g‘li bor, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda o‘z avtomobili kapotida YPX xodimini sudrab ketgan haydovchi qo‘lga olingandi. Ma’lum bo‘lishicha, erkakda 144 ta qoidabuzarlik mavjud bo‘lib, ulardan 38 tasida to‘lov muddati o‘tgan, yana 30 tasi MIB xodimlari tomonidan ishlab chiqilmoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная