Namanganda bog‘cha tarbiyachisi bolalarni urib, haqorat qildi — video
Mutasaddi idoralar hozircha rasmiy izoh bergani yo‘q.

13-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyachining bolalarni urgani, baqirgani va haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi. Mutasaddi idoralar hozircha hodisa yuzasidan izoh bermadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, holat Namangan viloyatidagi xususiy bog‘chalardan birida sodir bo‘lgan. Kadrlarda ayolning bolalarga baqirgani, haqorat qilgani, urgani va qo‘pol munosabatda bo‘lganini ko‘rish mumkin. Voqea aynan qaysi bog‘chada sodir bo‘lgani noma’lum.
“Maktabgacha ta’lim muassasasida bolalarga nisbatan nomaqbul munosabatda bo‘lish holati hozirda Bolalar ombudsmani tomonidan IIV va MMTV bilan birgalikda o‘rganilmoqda. Shundan so‘ng ko‘rilgan choralar haqida qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, — deya NOVA24 jurnalistiga ma’lum qildi Bolalar ombudsmani axborot xizmati.
Avvalroq Qashqadaryoda tarbiyachi bola ustidan bilmasdan qaynoq suv quyib yuborgani haqida xabar berilgandi. Bola shifoxonaga yotqizilgan, bog‘cha ota-onasiga moddiy yordam ko‘rsatgan, tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda ham bolalar bog‘chalarida tarbiyachilar yetishmasligidan shikoyat qilingandi. Maktabgacha ta’lim sohasida oylik maoshlar pastligicha, talablar esa yuqoriligicha qolmoqda.
Izohlar