Misrdan O‘zbekistonga og‘ir jinoyatda gumon qilinayotgan vatandosh qaytarib keltirildi
Erkak ikki davlat Interpol xodimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida topilgan.

Interpol tomonidan og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan vatandoshimiz Misrdan O‘zbekistonga qaytarildi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak Interpolning Toshkent va Qohiradagi Milliy markaziy byurolari xodimlarining birgalikdagi qidiruv va tezkor harakatlari natijasida qo‘lga olingan. Mutaxassislar uning qayerdaligini aniqlab, og‘ir jinoyat sodir etgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaroni qo‘lga olishdi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchini xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda O‘zbekistonga deportatsiya qilgan. Qayd etilishicha, vataniga qaytarilgan erkak sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida javob beradi.
Avvalroq 25 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan terrorchilik tashkiloti a’zosi O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar berilgandi. O‘zbekistonlik Afg‘oniston, Pokiston va Suriyadagi xalqaro ekstremistik guruhlarning jangovar harakatlarida qatnashgan.
Izohlar