Maktab ishchilari texnik spirt iste’mol qilgandan keyin vafot etdi
Huquq-tartibot idoralari xodimlari tergovga qadar tekshiruv olib borishmoqda.

Andijon viloyatida umumiy o‘rta ta’lim maktabining ikki nafar xodimi texnik spirtli ichimlik iste’mol qilib, zaharlanish oqibatida vafot etdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 22-oktyabr kuni Andijon shahridagi 36-maktabda sodir bo‘lgan. Maktabning xo‘jalik mudiri, fuqaro muhofazasi to‘garagi rahbari, qorovul va o‘qituvchilardan biri kechki ovqatga o‘quv yurtida qolib, texnik spirt ichishgan.
Oqibatda 4 nafar fuqaro zaharlangan. Zavxozchi bilan qorovul halok bo‘ldi. Qayd etilishicha, maktab direktori tadbirda ishtirok etmagan va ish kuni tugagandan so‘ng uyiga ketgan. Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.
Avvalroq Toshkentda bir ayol ikki litr antifriz ichib, og‘ir zaharlangani haqida xabar berilgandi. Ayol avtomobil suyuqligini oddiy sharbat bilan adashtirgan bo‘lishi mumkin.
Izohlar