Jizzaxda sudya yordamchisi 300 dollar pora bilan qo‘lga tushdi
Erkak tanishiga eri bilan ajrashishni tezlashtirishga va mol-mulkning bir qismini olishga yordam berishga va’da bergan.

Jizzax viloyatida nikohdan ajratish jarayonini tezlashtirish va mol-mulkni bo‘lish evaziga 300 dollar talab qilgan sudya yordamchisi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudi sudyasi yordamchisi Mirzacho‘l tumanida yashovchi fuqaroga nikohdan ajratish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, umumiy mol-mulkning bir qismini olishga yordam berishni va’da qilgan.
Erkak o‘z xizmatlarini 300 dollarga baholagan. Tartib posbonlari erkakni o‘z xonasida pul olayotgan vaqtda qo‘lga olishgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, qamoqqa olgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Surxondaryoda hokim yordamchisi va uning ikki sherigi pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi. Erkaklar sug‘oriladigan yer uchastkasini 30 yil muddatga ijaraga berish uchun 29 mln so‘m talab qilgan.
Izohlar