Jizzaxda ayol mast erini tug‘ilgan kunida bo‘g‘ib o‘ldirdi
Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, erkak uni tahqirlagan, shuning uchun u o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan, ammo bolalariga rahmi kelgan.

Jizzax viloyatida ayol mojaradan so‘ng mast erini bo‘g‘ib o‘ldirgan, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, voqea erkakning tug‘ilgan kunida sodir bo‘lgan. Uyda mehmonlar yig‘ilgan, shundan so‘ng mast er xotini bilan janjallashib qolgan. Mehmonlar ketib, erkak uxlab qolgach, ayblanuvchi ro‘molchasini olib, erkakni bog‘lab, yostiq bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.
Ayol turmush o‘rtog‘ining jasadini ko‘chaga olib chiqib, Nexia-2 avtomobiliga o‘tqazib, mashina bilan birga yoqib yuborgan. Sudda ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lib, erining zo‘ravonligiga chiday olmaganini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, oilada doimiy ravishda janjallar bo‘lib turgan.
O‘zimni oqlamoqchi emasman, lekin bu ishni bekorga qilmadim. U meni masxara qildi. O‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘ldim, lekin bolalarimga rahmim keldi, chunki ular menga bog‘lanib qolgan. Men bu erkak bilan 8 yildan beri yashayman va hech qachon baxtli bo‘lmaganman. Bolalarimni ota-onamga topshirishingizni so‘rayman. Ishonchim komilki, farzandlarim mendan voz kechishmaydi. Barchadan kechirim so‘rayman, — dedi ayblanuvchi.
Sud ayolni aybdor deb topdi. U umumiy rejimdagi koloniyada 13 yil-u bir oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda o‘n mingdan ortiq fuqaro oiladagi zo‘ravonlik uchun sudlangandi. Oliy sud 2025-yil boshidan natijalarni ko‘rsatgan.
Izohlar