Jizzax viloyatida kelin-kuyov to‘yning to‘rtinchi kuni o‘lik holda topildi
Taxminlarga ko‘ra, juftlik is gazidan zaharlanib qolgan bo‘lishi mumkin.

Jizzax viloyatida yosh kelin-kuyov to‘ydan to‘rt kun o‘tib, noma’lum moddadan zaharlanib vafot etdi, deyiladi Zamon teleko‘rsatuvi ma’lumotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 25-oktyabr kuni G‘allaorol tumani Sugumboy qishlog‘idagi xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan. 21 yoshli yigit va uning 19 yoshli turmush o‘rtog‘i noma’lum moddadan zaharlanish oqibatida vafot etgan. Oila boshlig‘ining aytishicha, yoshlar fojiadan to‘rt kun oldin turmush qurishgan.
Voqea joyiga yetib kelgan tuman gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisining aytishicha, xonadondagi gaz yonishidan so‘ng tutun yo‘li, shamollatish kanali va chiqindi gazlar chiqadigan joy g‘isht bilan to‘liq yopib qo‘yilgan. Taxminlarga ko‘ra, uy egalari isitish mavsumi boshlanishidan oldin o‘choqni tekshirmagan, shu sababli uzoq vaqt uzluksiz yonishdan is gazi ajralib chiqishi mumkin bo‘lgan.
Qayd etilishicha, hodisaning barcha holatlarini o‘rganish uchun mutaxassislar tomonidan maxsus komissiya tuzilib, tegishli ekspertiza tayinlangan.
Avvalroq Toshkent viloyatida is gazidan zaharlanish oqibatida butun oila halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. O‘limning taxminiy sababi qishloqda gazning tez-tez o‘chib qolishi bo‘lishi mumkin.
Izohlar