Jizzax viloyatida bir nechta bog‘chada bolalar ommaviy zaharlandi
O‘nlab maktabgacha yoshdagi bolalar kasalxonaga yotqizilgan, ular hodisaga qadar bolalar bog‘chalarida biokefir, tvorog va sariyog‘ iste’mol qilgani aniqlangan.

9-oktyabr kuni Jizzax viloyatida o‘nlab bolalar zaharlanib, shifoxonalarga yotqizildi, deb xabar bermoqda Forish tumani hokimligi axborot xizmati.
Forish tumanidagi shifoxonaga soat 09:00 dan 16:00 gacha 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 37 nafar tarbiyalanuvchi murojaat qilgan. Bolalar isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i, diareya va umumiy holsizlikdan shikoyat qilishdi. Bolalar 1, 3, 5 va 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan qabul qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, 8-oktyabr kuni bolalar bog‘chalarda biokefir, tvorog va sariyog‘ iste’mol qilgan. Birlamchi ko‘rik natijalariga ko‘ra, shifokorlar ularga «o‘tkir diareya» tashxisini qo‘yishgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Viloyat Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ommaviy zaharlanish oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va qayta ishlashda sanitariya qoidalari va me’yorlarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov boshlandi.
Izohlar