Hodisa

Janubiy Koreyada terrorchilarni moliyalashtirishda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi

Ekstremistlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar orasida ushbu summa mamlakatdagi eng yirik miqdor.

Janubiy Koreya politsiyasi 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi, u tergov versiyasiga ko‘ra, xayriya jamg‘armasi uchun mo‘ljallangan pullarni yig‘ib, terrorchilik tashkilotlariga jo‘natgan, deb yozadi The Chosun Daily.

Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, xorijlik 16 oktyabr kuni Ansan shahridagi mehmonxonada hibsga olingan. Ushbu operatsiyani o‘tkazishda politsiyaga Koreya milliy razvedka xizmati va Federal qidiruv byurosi (AQSH) vakillari yordam berishdi. Ma’lum qilinishicha, pul o‘tkazmalari miqdori ekstremistlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar ichida mamlakatdagi eng yirigi bo‘lgan.

O‘zbekistonlik Afrikada quduq qazish loyihalarini amalga oshirayotgan xayriya tashkiloti ehtiyojlari uchun Tether (USDT) kriptovalyutasini yig‘ish bilan shug‘ullangan. Qo‘lga olish vaqtida gumonlanuvchi 952 mln koreys voni (665 ming dollar) to‘plagan.

Biroq aslida erkak terrorchilik guruhlariga, xususan, “Tavhid al-Jihod katibasi” va HAMAS brigadalariga mablag‘ jo‘natgan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik jangarilarga 19 ming dollarga yaqin mablag‘ o‘tkazishga ulgurgan. Shu bilan birga, tranzaksiyalar ko‘lami jiddiyroq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Qo‘lga olingan shaxsga terrorizmga qarshi kurash va terrorizmni moliyalashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik aybi qo‘yilgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro ijtimoiy tarmoqlarda jihod g‘oyalarini tarqatib, musulmonlarni radikal ekstremistik guruhlarga qo‘shilishga chaqirgan.

Gumonlanuvchi Janubiy Koreyaga 2018-yilda talabalik vizasi bilan kelgan, keyinchalik universitetni tashlab, 2023-yildan buyon qochqin maqomida yashab kelmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u hibsga olingunga qadar qochoq maqomini olish uchun 11 marta hujjat topshirgan, biroq rad javobini olgan.

O‘zbekistonda ushbu fuqaro terrorizmni moliyalashtirish moddasi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. 2022-yilda Markaziy Osiyo mamlakati rasmiylari uni hibsga olish uchun order bergan. Bundan tashqari, erkak xorijga ketgach, uning pasportini bekor qilib, muhojirni hibsga olishni so‘rab Koreya politsiyasiga murojaat qilgan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari tashqi kuzatuv kameralari yordamida o‘zbekistonlikning qayerdaligini aniqlab, uni qo‘lga olishdi, sakkizta mobil telefon va noutbukni olib qo‘yishdi. Hozirda qurilmalarning kriminalistik ekspertizasi o‘tkazilmoqda. Tergov gumonlanuvchining kriptovalyuta bilan bir qatorda terrorchilarga yuborish uchun naqd puldan foydalangan-foydalanmagani va uning Koreyada sheriklari bor-yo‘qligini aniqlamoqda.

Izohlar

Mavzuga oid

Главная