Tbilisi aeroportida yirik firibgarlik va odam savdosida ayblanib xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki shaxs O‘zbekiston Interpol vakillariga topshirildi.

Huquq-tartibot idoralari Gruziya hududida qo‘lga olingan qidiruvdagi shaxslarning transchegaraviy harakatlarini aniqladi.

Keng ko‘lamli ishlar va yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlik natijasida Interpolning xalqaro maydonlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va muzokaralar chog‘ida Toshkent va Tbilisi Milliy markaziy byurolari o‘rtasida qidiruvdagi shaxslarni O‘zbekiston tomoniga topshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining qo‘llab-quvvatlashi va iltimosiga ko‘ra, tergov materiallari asosida Gruziya Adliya vazirligining qidiruvdagi shaxslarni ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi so‘rovi qanoatlantirildi, ular Toshkentga olib kelindi va xalqaro aeroportda jinoiy javobgarlikka tortish uchun IIB xodimlariga topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, Polshadan og‘ir jinoyat bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik qaytarilgandi. Jinoyatchini qo‘lga olishda Interpol xodimlari ishtirok etgan.