Gulistondagi kafeda gaz portlashi oqibatida 29 kishi jabrlandi — SSV ma‘lumoti
Jabrlanganlar orasida ikki nafar homilador ayol ham bor.

Sirdaryo viloyatida qahvaxonada gaz portlashi sodir bo‘ldi, natijada o‘nlab fuqarolar jabrlandi, uch kishi halok bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatga izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Guliston shahridagi Taraqqiyot mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan kafeda sodir bo‘lgan. Davron To‘laganov boshchiligidagi shifokorlar brigadasi yordam ko‘rsatish uchun voqea joyiga yetib keldi. Portlash oqibatida 29 kishi turli darajada kuyish va tan jarohati olgan, 26 kishi shifoxonaga yotqizilgan, uch kishiga ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga jo‘natilgan.
Hodisa oqibatida yana 3 kishi halok bo‘lgan. Hozirda shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemor og‘ir ahvolda sun’iy nafas oldirish apparati yordamiga olingan. Shuningdek, reanimatsiyada 5 kishi bo‘lib, ularning ahvoli barqaror, hushi o‘zida, mustaqil nafas olmoqda. Shuningdek, jabrlangan ikki homilador ayol yordam ko‘rsatish uchun maxsus bo‘limga yuborilgan, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda.
Qolgan 15 nafar jabrlanuvchining ham ahvoli qoniqarli bo‘lib, tegishli bo‘limlarda davolanmoqda. Qayd etilishicha, jabrlanganlarga amaldagi standartlarga muvofiq malakali yordam ko‘rsatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi har bir bemorning salomatligini nazoratga oldi.
Eslatib o‘tamiz, Guliston shahridagi choyxonada gaz balloni portlashi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan: huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 3-qismi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bir nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, Sirdaryo viloyatidagi bozorlardan birida choyxonada gaz balloni portlab ketgandi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda ehtimoliy o‘lim holatlari haqida xabarlar paydo bo‘lgan, biroq Guliston Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hozircha bunday ma’lumotlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Izohlar