Toshkent shahar hokimligi fuqarolarni poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov nomidan aldayotgan firibgarlar haqida ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomidan soxta akkauntlar yaratilib, fuqarolarga murojaatlar yuborish holatlari aniqlangan. Mazkur akkauntlarda hokimning fotosurati, ismi va familiyasi ko‘rsatiladi.
Shaxsiy yozishmalar olib boruvchi yoki turli iltimos va takliflar bilan murojaat qiluvchi bunday akkauntlarning barchasi soxta ekani aytilmoqda. Fuqarolarga ularga ishonmaslik va ular bilan muloqot qilmaslik qat’iy tavsiya etiladi. Hammasi firibgarlarga tegishli.
Alohida ta’kidlanishicha, Toshkent shahar hokimi yoki hokimlikka aloqador mansabdor shaxslar fuqarolarga murojaat qilish maqsadida shaxsiy xabarlar yubormaydi. Rasmiy sahifa yoki aloqa kanali ochilgan taqdirda bu haqdagi ma’lumotlar faqat hokimlik matbuot xizmatining rasmiy axborot kanallari orqali oldindan e’lon qilinadi.
Shaxsiy ma’lumotlaringizni begonalarga bermang, shubhali xabarlar va akkauntlar haqida tegishli huquqni muhofaza qilish organlariga xabar bering, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatida bojxonachilar niqobi ostidagi firibgarlar fuqarolarni pulga chuv tushirgan. Jinoyatchilar “musodara qilingan” maishiy texnika yoki kiyim-kechaklarni arzon narxda taklif qilib, pulni olib, g‘oyib bo‘lishgan.























