Farg‘onada organ xodimlari fermerga to‘pponcha bilan tahdid qilib, unga kuch ishlatdi — video
IIB xodimlari fuqaroni g‘alla topshirish rejasini bajarmaganlikda ayblagan.

Farg‘ona viloyatida fermer huquq-tartibot idoralari xodimlari uning uyiga kelib, to‘pponcha bilan tahdid qilgani va jismoniy kuch ishlatganidan shikoyat qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Hodisa Rishton tumanida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 7 iyul kuni “Buloqboshi gulshani” fermer xo‘jaligi rahbarining uyiga IIB xodimlari kelishgan. Ular fuqaroni to‘pponcha bilan qo‘rqitib, don topshirish rejasini bajarmaganlikda ayblab, jismoniy kuch ishlatgan.
Men endigina g‘o‘zani o‘g‘itlashdan qaytdim. Kiyinib kelish uchun uyga kirdim. Ortimdan uchta xodim kirdi. Ulardan biri — uchastka noziri G‘olib To‘lanov menga to‘pponcha o‘qtalib, o‘ldiraman, deb baqira boshladi. Ular qo‘llarimni qayirib, olib ketmoqchi bo‘lishdi. 70 yoshli onam yordam bermoqchi bo‘ldi, lekin uni qo‘pollik bilan itarib yuborishdi, u yiqilib, hushidan ketdi. Bir hafta kasalxonada yotdim. Men esa rejani bajardim, 17 tonna g‘alla topshirdim, hech narsani yashirmadim, — deydi fermer.
Erkakning aytishicha, tumanda uning yana bir hamkasbi ham qo‘lga olingan. U paxtaga o‘g‘it sepish uskunasini hokimlikka topshirmagani uchun 5 sutkaga qamalgan. O‘z navbatida, Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov jurnalistlar bilan suhbatda IIB xodimlari fermerga qurol ishlatmagani va tahdid qilmaganini aytdi.
Har kimning davlat oldida burchi bor. Fermer g‘alla va paxta rejasini bajarishi shart. Xodimlar buni tushuntirish uchun borishdi. Hech qanday qurol yoki elektroshoker qo‘llanilmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoni hali ko‘rmadim. Yakuniy xulosalarni materiallar va videoyozuvlarni o‘rganib chiqqandan so‘ng chiqarish mumkin bo‘ladi, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga bo‘ysunmaslik uchun jazo kuchaytirildi. Senatorlarning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar huquq-tartibot idoralari xodimlarining talablariga kamroq bo‘ysuna boshlagan.
Izohlar