Farg‘onada maktab direktori kaltaklanishi bo‘yicha sud jarayonida ekspertiza natijalari soxtalashtirilgani aytilmoqda
IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan va haqoratlangan Gulira’no Qosimova ham kaltaklanish videosidan asosiy kadrlar olib tashlanganini aytdi.

Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan va haqoratlangan maktab direktori Gulira’no Qosimova ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Sudda jabrlanuvchi videoda uni kaltaklagan asosiy kadrlar kesib olinganini aytdi. Shuningdek, u ekspertiza xulosalari soxtalashtirilganini aytdi.
Sudda Furqat tumani soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonov ham ko‘rsatma berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman IIB boshlig‘i undan «bayramga 20 ta televizor» talab qilgan va rad javobini olgach, «IIBga qarshi chiqsang, nima bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman,» deb tahdid qilgan.
Abdurahmonovning aytishicha, hodisa sodir bo‘lgan kuni xodimlar uning oldiga bostirib kirib, tuzoq qo‘ygan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gulira’no Qosimova kaltaklangan, keyin esa uni “zo‘rlash”da ayblash uchun videoga olingan. Sud jarayoni 22 oktyabrga qoldirildi. Mazkur holat Senat va Ombudsman nazoratiga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyatida tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev soliq idorasi rahbarini obro‘sizlantirishga uringan, buning oqibatida 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova jabrlangan edi. Huquq-tartibot idoralari soliq idorasi rahbariga pand berishga uringan, buning uchun maktab direktori kaltaklangan va qip-yalang‘och qilib yechintirilgan.
Izohlar