Farg‘onada ikki yengil avtomobil ishtirokidagi YTH oqibatida piyoda jarohatlandi
Spark haydovchisi qayrilayotganda Lacetti bilan to‘qnashib ketgan, shundan so‘ng u yo‘l chetida turgan odamni urib yuborgan.

16-oktyabr kuni Farg‘ona viloyatida Spark haydovchisi orqaga qaytayotganda Lacetti bilan to‘qnashib ketdi, shundan so‘ng u yo‘l chetida turgan piyodani urib yubordi, deb xabar bermoqda viloyat YHXB matbuot xizmati.
Hodisa soat taxminan 8:10 larda A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lining 282-kilometrida, Yozyovon tumani Mustaqillik va Andijon ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan. 1964-yilda tug‘ilgan haydovchi Spark’ni boshqarib, orqaga burilmoqchi bo‘lganida Lacetti bilan to‘qnashib ketgan.
Oqibatda Lacetti haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan piyodani, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaroni urib yuborgan. Jabrlanuvchi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ushbu yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha tergov boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘onada haydovchi maktab yonidagi piyodalar o‘tish joyida uch nafar o‘quvchini urib yuborgandi. Bolalar jarohat olgan, bir nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Izohlar