Farg‘onada giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar fosh etildi
Guruh a’zolari qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistonda ham faoliyat yuritgan.

Farg‘ona viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhni qo‘lga oldi, deb xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Voqea Dang‘ara tumanida sodir bo‘lgan. Tadbir davomida Qo‘qondan Toshkentga olib boradigan yo‘l chetidagi dalada yashirib qo‘yilgan afyunni olib ketayotgan uch kishi qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, guruh a’zolaridan biri muqaddam giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan 28 yoshli ayol bo‘lgan.
Shuningdek, uning sheriklari transchegaraviy uyushgan narkoguruhga mansubligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, guruh a’zolari qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistonda ham faoliyat yuritgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan 4 kg opiy musodara qilinib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (Kontrabanda) va 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, xuddi shuningdek ularni o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot idoralari UJGning qolgan a’zolarini qidirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyada o‘zbekistonliklar giyohvand moddalar savdosi bilan qo‘lga olingandi: ular orasida bloger Jasmin ham bor. Mamlakat bosh konsulxonasi hibsga olinganlar yopiq axloq tuzatish muassasasiga yuborilganini ma’lum qilgan.
Izohlar