Farg‘onada bir yarim milliardlik qimmatbaho buyumlarni noqonuniy olib kirishga urinishdi
Bir kilogrammdan ortiq oltin buyumlarni bojxona nazoratisiz olib o‘tishga urinishgan.

Farg‘ona viloyatida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan xorijdan noqonuniy ravishda zargarlik buyumlari olib kirilishiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda viloyat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Oltiariq tumanida sodir bo‘lgan. Tezkor tadbir davomida huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan kuzatuvda bo‘lgan Damas avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Tintuv chog‘ida tartib posbonlari mashina salonidagi barda xorijda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini topishdi.
Zargarlik buyumlari mashina egasiga tegishli bo‘lib, 3 o‘ramga joylangan va bojxona nazoratidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari aniqlashicha, topilgan zargarlik buyumlari 5 turdagi 127 ta buyumdan iborat bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi 1 kg 332 grammni tashkil etadi.
Aniqlangan taqinchoqlarning dastlabki qiymati 1 mlrd 440 mln so‘mni tashkil etadi. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan bojxona tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Andijonda huquq-tartibot idoralari xodimlari bir kilogrammdan ortiq tilla buyumlar muomalasiga chek qo‘ygani haqida xabar berilgandi. Gumonlanuvchi fuqaro oltin solingan o‘ramni boshqa shaxsdan olgan bo‘lib, taqinchoqlarning hech qanday hujjati bo‘lmagan.
Izohlar